Scholarship – AKFA Groupdan talabalar uchun grantlar dasturi

28.06.2021

Butun dunyoda yirik biznes ta’lim sohasida tobora ko‘proq ahamiyat kasb etib boryapti. Rivojlangan mamlakatlarning tajribasi shuni ko‘rsatyaptiki, ta’limga sarmoya kiritish juda muhim. Sarmoya yordamida ko‘plab mamlakatlarda keng tarqalgan muhim ijtimoiy muammolarni va kadrlar tanqisligiga bog‘liq masalalarni hal qilish mumkin.

AKFA Group uchun ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlash kompaniya global missiyasining muhim qismidir. Xoldingning bu sohada amalga oshirayotgan ishlari oliygohlarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, talabalarga ma’ruzalar o‘qishdan tortib, yoshlarga bir vaqtning o‘zida ham o‘qib, ham ishlash imkonini beradigan grant dasturlari bilan ta’minlashgacha bo‘lgan tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Scholarship grantlar dasturi AKFA Groupning eng muhim ijtimoiy loyihalaridan biridir. Uch yil davomida Xolding turli xil oliygohlardan iqtidorli talabalarni tanlab, ularning ta’lim to‘lovlarini to‘liq to‘lab, ularni kompaniyada yarim kunlik ish bilan ta’minlab kelmoqda.

2019-2020 o‘quv yilida 13 nafar talaba AKFA Group tomonidan ajratilgan grantni qo‘lga kiritdi. 2021-yil iyun oyida esa kompaniya yana 16 nafar iqtidorli o‘g‘il-qizlarni o‘z oilasiga qabul qildi.

Shu munosabat bilan xolding ofisida Scholarship dasturidan o‘tgan talabalar AKFA Group bosh direktori Kamran G‘ulomov va top-menejerlari bilan uchrashdilar.

– Suhbat davomida ko‘pchiligingiz RnD bo‘limida ishlash istagida ekanligingizni aytib o‘tdingiz. Ammo sizni ishontirib aytamanki, kompaniyamizning har bir bo‘limida ijodiy va o‘ziga xos yondashuv mavjud,dedi Kamran G‘ulomov talabalarga murojaat qilib, – Shu bilan birga, biz kompaniya emas, balki oila qurayotganimizni alohida ta’kidlab o‘tishni istardim. AKFA Groupda hamma bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi va hurmat qiladi. Biz har bir xodimga o‘z imkoniyatlarini namoyon qilishiga imkon beramiz. Shuning uchun doimiy rivojlanish siz uchun muvaffaqiyatning asosiy mezoni bo‘lsin. Doimo yangiliklarni sinab ko‘ring va o‘rganing.

Bu yil AKFA Group Scholarship grant dasturi doirasida rekord darajada arizalar qabul qildi. Toshkentdagi 5 ta universitet: Vebster universiteti, Inha, Amity universiteti, Yeoju texnika instituti va Turin politexnika universitetlaridan 250 nafar talaba grantni qo‘lga kiritish istagida qatnashishdi.

Barcha talabalar besh bosqichdan iborat murakkab tanlovdan o‘tdilar. Oldin har bir talaba grantda qatnashish uchun onlayn ariza shaklini to‘ldirib, motivatsion xat yozishi kerak edi. So‘ngra, AKFA Group Korporativ universiteti xodimlari arizasi qiziq ko‘ringan talabalarni matematika va mantiq bo‘yicha sinovdan o‘tqazishdi.

Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar Korporativ universitet xodimlari bilan dastlabki suhbatga taklif qilindi. Birlamchi suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar ma’muriy blok rahbari Sobirjon Bilolov va soha mutaxassislari bilan o‘tkazilgan ikkinchi darajali suhbatga yo‘naltirildi. Yakuniy bosqichda esa talabalar xolding bosh direktori Kamran G‘ulomov bilan suhbatdan o‘tishlari lozim edi.

Shu tariqa, bugungi kunda AKFA Groupda ishlash va amaliyotga qabul qilingan talabalar, oliygohni tugatgunga qadar, malakali mutaxassis bo‘lib yetishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Kompaniya oliy o‘quv yurtlarida o‘qish xarajatlarini qoplashi hisobiga talabalarning oilalari tejalgan mablag‘ni ularning qo‘shimcha bilim olishlari uchun sarflashlari mumkin. O‘z navbatida, yosh kadrlarni jalb qilayotgan kompaniya o‘zining HR brendini rivojlantiradi va mehnat bozorida talab katta bo‘lgan mutaxassislarni ko‘paytiradi.

AKFA Group O‘zbekistonda ta'limni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishda davom etadi. Scholarship dasturidan tashqari, kompaniya yana bir stipendiya dasturini – AKFA FutureStep loyihasini amalga oshirmoqda. Dasturda moliya, muhandislik va IT texnologiyalari yo‘nalishlarida ta’lim olayotgan 3-kurs talabalari ishtirok etishlari mumkin. 

Batafsil ma’lumotni havolada orqali olishingiz mumkin: https://futurestep.akfagroup.com/

AKFA Group O‘zbekistonda muhandislik ilmi va texnologiyasining kelajagini birgalikda qurish uchun iste'dodlarni izlaydi va ularni rivojlantiradi.

Kamron G‘ulomov, AKFA Group Ijro direktori