AKFA Group va UzAuto Motors mutaxassislari o‘zaro tajriba almashdilar

26.04.2021

22-23 aprel kunlari «Brendlar tashrif buyurmoqda» tajriba almashish loyihasi doirasida AKFA Groupning 28 ta mutaxassisi Andijon viloyatida joylashgan UzAuto korxonalariga tashrif buyurganliklari haqida xabar berishdan mamnunmiz.

Tashrifning birinchi kunida AKFA Group xodimlari «Uz Tong Hong» va «Uz-Saemyung Co.» kabi qo‘shma korxonalarda bo‘lib, ularda mahalliy avtomobillarning asosiy ishlab chiqarilishi uchun butlovchi qismlar (avtomobil o‘rindiqlari va benzobaklar)ni yaratish jarayoni bilan tanishdilar.

Tashrifning ikkinchi kuni AKFA Group mutaxassislari Uzautomotors kompaniyasining Asaka shahridagi asosiy ishlab chiqarish majmuasiga tashrif buyurdilar, u yerda taniqli «CHEVROLET» brendi ostida ishlab chiqarilgan avtomashinalarni presslash, payvandlash va yig'ish sexlarida butun ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.

Tashrifning eng muhim tadbiri AKFA Group va Uzautomotors mutaxassislari o‘rtasida o‘tkazilgan networking bo‘lib, unda har bir ishtirokchi ishlab chiqarish texnologiyalari, SAP, IT, HR, ta’minot, tashqi iqtisodiy faoliyat, mahsulotlarni sifat nazoratini boshqarish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha savollar berib, tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Ta’kidlash joizki, tashrif natijasida UzAuto xodimlarining AKFA Group ishlab chiqarish korxonalariga «Brendlar tashrif buyurmoqda» tajriba almashish loyihasi doirasida javob tashrifi amalga oshirishlari to'g'risida kelishuvga erishildi.

AKFA Group «Uz Tong Hong», «Uz-Saemyung Co», Uzautomotors korxonalari rahbarlariga, barcha xodimlariga va shaxsan «O‘zavtosanoat» AJ (UzAuto) boshqaruv raisi Umurzoqov Shavkat Buranovichga, mehmonlarni samimiy kutib olganliklari va tadbirni yuqori darajada tashkil etganliklari uchun o‘z minnatdorchiligini izhor etadi.

AKFA Group O‘zbekistonda muhandislik ilmi va texnologiyasining kelajagini birgalikda qurish uchun iste'dodlarni izlaydi va ularni rivojlantiradi.

Kamron G‘ulomov, AKFA Group Ijro direktori