AKFA Group saraton kasalligi bilan og‘rigan bolalarga yordam ko‘rsatdi

15.02.2021

JSST bergan ma'lumotlariga ko‘ra, har yili jahonda  saraton kasaliga chalinganlar orasida yangi tug‘ilgan chaqaloqlardan tortib 19 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar 300 mingdan ko‘proqni tashkil etadi. Har yili O‘zbekistonda 900 ga yaqin bolalarda saraton kasalligi aniqlanadi. Saraton dardi bilan og‘riganlar soni oshgani sayin, jahon hamjamiyati insonlarning e'tiborini muammoga qaratishga intilib kelmoqda. Jumladan, 15-fevral kuni dunyoning 90 dan ortiq davlatlarida “Xalqaro bolalar saratoniga qarshi kurash kuni”ga bag‘ishlab tadbirlar o‘tkaziladi. Ushbu sanaga bag‘ishlangan tadbirlar bizning mamlakatimizda ham o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida (RIORTM) bolalar uchun navbatdagi xayriya tadbiri o‘tkazildi. Unda vazirliklar vakillari, deputatlar, tadbirkorlar va o‘zbek estradasi yulduzlari ishtirok etishdi.

Shuni aytib o‘tish kerakki, hozirgi kunda tibbiyot muassasada 60 dan ziyod bemor bolalar saraton kasalligiga qarshi kurashmoqda. Umuman olganda, onkologiya va radiologiya markazida va uning respublika bo‘limlarida bolalar uchun 100 ta joy ajratilgan bo‘lib, onkologik muassasalarda yiliga 17 yoshgacha bo‘lgan 5500 dan ortiq bemor bola davolanadi. Har yili 3000 dan ortiq jarrohlik muolajalari amalga oshiriladi.

Bemorning yoshidan qat'iy nazar, saraton kasalligini davolash jismoniy va ruhiy jihatdan juda murakkab jarayondir. Bemor nafaqat o‘z vaqtida va sifatli davolanishga, shu bilan birga ruhiy madadga ham muhtoj.

Onkologik kasallik bilan og‘rigan bolalar va ularning ota-onalariga ruhan madad berish maqsadida markazning bolalar bo‘limida Respublika qo‘g‘irchoq teatri ishtirokida bayram tashkil etildi.

Bayramda yosh bemorlarga sovg‘alar ulashish ham unutilmadi. AKFA Group vakillari tomonidan davolanayotgan bolalar uchun foydali bo‘ladigan "Dovyuraklik qutisi" taqdim etildi. Quti bemorlarga shifokor tomonidan ruxsat etilgan shirinliklar va mevalar, shuningdek, kasalxonada vaqtni qiziqarli o‘tkazishga yordam beradigan turli xil rasm chizish anjomlari va kitoblar bilan to‘lg‘azildi.

Bundan tashqari, Xolding "Ishonch" jamg‘armasiga bolalar bo‘limi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va dori-darmonlarni sotib olish uchun xayriya yordamini ko‘rsatdi. "Ishonch" xayriya jamg‘armasi 2020-yil 2-iyulda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida (RIORTM) tashkil etilgan bo‘lib, jamg‘armaning asosiy maqsadi turli xil og‘ir kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga, ularning yaqinlariga, shuningdek tibbiy va boshqa muassasalarga, onkologik bemorlarni davolaydigan shifokorlarga moddiy yordam berishdan iboratdir.

– Afsuski, bu dard istalgan oilaga ta'sir o'tkazishi mumkin va unga qarshi yakka holda kurashish juda og'ir.  Shunday ekan bolalarning davolanishiga yordam berish bizning umumiy vazifamizdir! – dedi AKFA Group bosh ijro direktori Kamran G'ulomov. –15 fevral kuni  Xolding "Ishonch" jamg'armasiga xayriya yordamini ko'rsatdi va Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining  bolalar bo'limi bemorlariga maxsus "Dovyuraklik quti" larini topshirdi. Biz bu og'ir dardni yengishga muvaffaq bo'lgan va sog'ayish arafasida turgan bemorlar uchun chin dildan quvonamiz. Bu ishda fidoiy mehnatini ayamayotgan shifokorlarga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz va farzandlari bilan birgalikda barcha qiyinchiliklarga qarshi kurashayotgan ota-onalarni qo'llab-quvvatlashga tayyormiz, - dedi Kamran G'ulomov, Ijro direktori shifoxonadagi bemorlarga murojaat qilib.

Aziz bolajonlar, biz sizga ishonamiz va qisqa vaqt ichida tezroq sog'ayib ketishingizga tilakdoshmiz! Sizning hayotingiz mo'jizalarga, baxtga va kulguga to'la bo'lsin. Sizga muvaffaqiyat va kuch-quvvat tilaymiz! –- deya ularni ruhlantirdi.

Shu tariqa, onkologiya markazi biznes va davlat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda bolalarda yaxshi kayfiyat va bolalikning beg'ubor damlari ularga ham nasib etishiga bo'lgan ishonchni uyg'otishga, ular bilan birgalikda kasallikka qarshi kurashishga intilmoqdalar.

AKFA Group O‘zbekistonda muhandislik ilmi va texnologiyasining kelajagini birgalikda qurish uchun iste'dodlarni izlaydi va ularni rivojlantiradi.

Kamron G‘ulomov, AKFA Group Ijro direktori