AKFA Group boshpanasiz jonivorlarga turarjoy qurishni boshladi

27.02.2021

AKFA Group boshpanasiz jonivorlarga turarjoy qurilishi boshlanganini ma’lum qildi. Kompaniya qurilishni 3 oy ichida amalga oshirishni rejalashtirgan. Bu haqida Xolding Ijro direktori Kamron G‘ulomov o‘z ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida ma’lum qildi:

«Aziz do‘stlar, AKFA Groupning boshpanasiz jonivorlarga turarjoy loyihasi uchun yer olish bilan bog‘liq barcha jarayonlar yakunlanganini ma'lum qilishdan mamnunman. Oldinda bizni katta mas’uliyat talab qiladigan keng ko’lamli qurilish ishlari kutyapti. Bu bosqich uch oy muddatda yakunlanishi rejalashtirilgan», - deydi Kamron G‘ulomov.

Eslatib o‘tamiz, AKFA Group jonivorlarga turarjoy qurish istagini 2020 yil noyabr oyi boshlarida ma’lum qilgan edi. Bir oy o‘tib esa kompaniya turarjoy loyihasini taqdim etdi.

Ma’lum bo‘lishicha, boshpana Toshkent viloyatining Piskent tumani hududida qurilishi rejalashtirilgan. Xolding Toshkent shahar va Piskent tumani hokimiyatlariga loyiha uchun yer ajratishga bergan yordamlariga minnatdorchilik izhor etdi.

AKFA Ijro direktori Kamron G‘ulomov ko‘ngillilarni qurilishning yakuniy bosqichiga va binoning rasmiy ochilishiga taklif qilib, shuningdek kompaniya qurilish tafsilotlari haqida jamoatchilikni xabardor qilib borilishini ma’lum qildi:

«Loyiha tashabbusi minglab g‘amxo‘r va e’tiborli insonlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi bizni juda quvontirdi. Barcha ko‘ngillilarni qurilishning yakuniy bosqichiga va binoning rasmiy ochilishiga taklif qilib qolaman. Sizlarni qurilish tafsilotlari bilan rasmiy manbalarimiz va ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib boramiz», - deb va’da berdi Kamron G‘ulomov.

Loyiha 1 gektar maydonni egallaydi va 1000 ta jonivorga mo‘ljallangan. Loyihani ishlab chiqish jarayonida to‘rt oyoqli do‘stlarimiz uchun  barcha qulayliklar yaratishga alohida e’tibor berildi. Jumladan, ularning sayr qilishlari uchun qulay maydon, kuchuk bolalari va emizikli jonivorlar uchun alohida blok quriladi. Bundan tashqari, rejada jonivorlarni majburiy emlash va boshqa tibbiy yordam olishlari uchun tibbiyot xonalari, xodimlarning ma’muriy bloklari ham loyihalashtirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, yangi boshpanada dezinfeksiya to‘siqlari va yangi kelgan yoki kasal jonivorlar uchun qat’iy karantin zonalari mavjud.

Xolding binoga nodavlat notijorat tashkiloti maqomi berilishini rejalashtirgan, bu esa unga yuridik va jismoniy shaxslardan rasmiy ravishda yordam olinishiga imkon yaratadi. Shu bilan birga, AKFA Group boshpananing asosiy xarajatlari uchun mablag‘ ajratishni davom ettirishni rejalashtirgan.

AKFA Group O‘zbekistonda muhandislik ilmi va texnologiyasining kelajagini birgalikda qurish uchun iste'dodlarni izlaydi va ularni rivojlantiradi.

Kamron G‘ulomov, AKFA Group Ijro direktori