Akfa Group kompaniyasi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Markaziy Apparati bilan birgalikda “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostida respublika bo‘ylab bepul, xayriya donorlik aksiyasini o‘tkazdi.

01.06.2022

Donor sifatida qon topshirish— bu sharafli ko‘mak, ulkan savob, xayrli ishdir. Ba'zida kimdir uchun bir tomchi qon ham yangi hayotni taqdim etadi. Ma’lumki, turli kasalliklar, shoshilinch jarohatlar, ko‘p qon yo‘qotish natijasida insonlar, ayniqsa, yosh bolalar hayoti xavf ostida qoladi. Bunday bemorlarni xalqaro darajadagi tajriba asosida davolash bilan birga malakali mutaxassislar donorlarning saxovatli yordamiga tayanadi.

Har yili 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni va 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan donorlik xayriya aksiyasi tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, bemor bolalarning hayotini saqlab qolish, shuningdek, aholi salomatligini mustahkamlashga ko‘maklashishga qaratilgan.

O‘tgan davr mobaynida xayriya donorlik aksiyasi doirasida 6156 donor ishtirok etgan. Respublika bo‘yicha 2154 litr 600 gramm qon yig‘ilib, to‘plangan qon 12312 nafar salomatligi sabab qonga muhtoj bolaning hayotini saqlab qolishga sarflandi.

Shuningdek, 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘tkazilgan aksiyada vazirlik va idoralar bilan bir qatorda Akfa Group kompaniyasi ham bosh homiy sifatida faol ishtirok etdi.

“Mehr karvoni” aksiyasi doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi va uning Toshkent shahar filiali, shuningdek, Respublika gematologiya ilmiy-amaliy markazida 250 nafar bemor bola sog‘lomlashtirildi va ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.

AKFA Group O‘zbekistonda muhandislik ilmi va texnologiyasining kelajagini birgalikda qurish uchun iste'dodlarni izlaydi va ularni rivojlantiradi.

Kamron G‘ulomov, AKFA Group Ijro direktori